
Avstraliyadagi Melburn avtosalonida 2026-yilgi yangilangan Zeekr X ixcham elektromobilining yakuniy narxlari tasdiqlandi. Yangi modellar qo‘shimcha qulayliklarga ega bo‘lishiga qaramay, avvalgi avlodidan sezilarli darajada arzonlashgan.
Zeekr X orqa g‘ildirakli tortish (RWD) versiyasining narxi $48,9 mingdan boshlanadi. Bu avvalgi modelga nisbatan $8,1 minggacha arzonroqdir. To‘liq uzatmali (AWD) versiya esa $57,9 ming etib belgilangan. Ushbu narxlar mazkur elektromobilni raqobatchilari bo‘lgan Kia EV3 Air va BYD Atto 3 Premium modellaridan ham arzonroq holatga keltiradi.

RWD modeli 250 kVt quvvatga ega elektr dvigateli va 61 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyator bilan jihozlangan. Uning bir marta to‘liq quvvatlanishdagi yurish masofasi 405 kilometrni tashkil etadi. AWD versiyasi esa jami 365 kVt quvvat beruvchi ikkita dvigatelga ega bo‘lib, soatiga 100 kilometr tezlikka atigi 3,7 soniyada chiqadi.

Elektromobillar standart holatda 14,6 dyuymli axborot-ko‘ngilochar ekrani, 13 ta dinamikli Yamaha audio tizimi hamda qator ilg‘or xavfsizlik tizimlari bilan ta’minlangan.

2026-yilning 31-mayiga qadar buyurtma bergan xaridorlarga avtomobilning tashqi va ichki rangini bepul tanlash, 7 kVt quvvatlash uskunasi hamda qo‘shimcha 2 yillik kafolat kabi imtiyozlar taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zeekr 8X uchun oldindan buyurtma ochilgani haqida xabar bergan edi.