Yangiliklar

2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi — prezident

So‘nggi yillarda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey va 20 ta musiqa hamda san’at maktabi tashkil etildi
2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkaziladi — prezident
Foto: prezident matbuot xizmati

2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at xodimlariga yo‘llagan tabrigida qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey va 20 ta musiqa hamda san’at maktabi tashkil etildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh ish boshladi. 125 ta tarixiy-madaniy obyekt tiklandi va ta’mirlandi.

Toshkentda O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlandi. Joriy yilda Markaziy ko‘rgazmalar zali va Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondi binosi yangilanadi. Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida ham qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Shu bilan birga, o‘zbek madaniy diplomatiyasi ham faol rivojlanmoqda. Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasi o‘tkazildi. Buxoroda zamonaviy san’at biyennalesi, Nukusda Orol madaniyati sammiti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonlik san’atkorlar Yevropada ham faol chiqish qilmoqda. Zalsburgdagi Grosses Festspielhaus sahnasida «Lazgi» baleti namoyish etildi. Vena shahridagi Musikverein sahnasida Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan opera taqdimoti o‘tkazildi.

O‘tgan yili 123 ta kinofilm suratga olinib, tomoshabinlarga taqdim qilingan. 35 nafar madaniyat xodimi uy-joy bilan ta’minlandi. Ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda xonandalar qancha soliq to‘lagani haqida yozgan edi.