
Taniqli teatr va kino aktrisasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dono (Danisiya) Dayanovna Boboxonova 2026-yil 15-aprel kuni 80 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat drama teatri ma’lum qildi.
Aktrisa 1946-yil 20-noyabrda Qozog‘iston SSR hududidagi Olmaota viloyati, Uyg‘ur tumanida tug‘ilgan. Dono Boboxonova aktyorlik faoliyatini 1968-yilda «Yosh gvardiya» teatrida boshlagan.
Keyinchalik ushbu teatr Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatri nomi bilan faoliyat yuritib, u yerda aktrisa yetakchi ijodkorlardan biriga aylandi. 1970-yilda u Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at instituti (sobiq Ostrovskiy nomidagi institut)ning musiqali teatr aktyorligi bo‘limini tamomlagan.
Ko‘p yillik samarali ijodi davomida Boboxonova milliy sahna san’ati rivojiga katta hissa qo‘shdi, ko‘plab betakror obrazlar yaratdi. 1996-yilda unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, adib, shoir, publitsist va tarjimon Qamchibek Kenja 80 yoshida vafot etgan edi.