Yangiliklar

Amazon 11,57 mlrd dollarga Globalstar’ni sotib oladi

Bitim kompaniyaning kosmik aloqa yo‘nalishini kengaytirishga qaratilgan
Amazon 11,57 mlrd dollarga Globalstar’ni sotib oladi
Foto: Pexels

AQShning Amazon kompaniyasi Globalstar sun’iy yo‘ldosh operatorini $11,57 mlrdga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim kompaniyaning kosmik aloqa yo‘nalishini kengaytirishga qaratilgan.

Ushbu xarid past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘ini rivojlantirishga mo‘ljallangan Project Leo loyihasini kuchaytiradi. Amazon yil oxirigacha qurilmalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sun’iy yo‘ldoshlarga ulash xizmatini ishga tushirishni rejalamoqda.

Kompaniya mobil operatorlar va aviakompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirib, mijozlarga sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanish imkonini bermoqchi. Amazon orbitaga 3200 dan ortiq sun’iy yo‘ldosh chiqarishni rejalagan. Taqqoslash uchun, Starlink tizimi allaqachon 10 mingdan ortiq yo‘ldoshni boshqaradi va qariyb 150 ta mamlakatda xizmat ko‘rsatmoqda.

Kompaniya Apple bilan hamkorlikni davom ettirishini ham ma’lum qildi. Ushbu hamkorlik doirasida iPhone va Apple Watch qurilmalari uchun sun’iy yo‘ldosh xizmatlari taqdim etiladi. Avvalroq Blue Origin ham global sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimini yaratish rejasini e’lon qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Amazon SI chiplar bilan Nvidia’ga jiddiy raqobat qilmoqchiligi haqida yozgan edi.