Yangiliklar

«Buyuk ipak yo‘li» chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi piyodalar uchun ajratilgan hududni ikki baravarga qisqartiradi — urbanist

Piyodalar hududini kengaytirish va kichik yashil hududlar yaratish orqali atrofdagi biznes faolligini oshirish mumkinligi ta’kidlanmoqda
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi piyodalar uchun ajratilgan hudud ikki baravarga qisqartiradi — urbanist
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Urbanist Iskandar Solievga ko‘ra, «Buyuk ipak yo‘li» chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi piyodalar uchun ajratilgan hududni ikki baravarga qisqartiradi. Piyodalar uchun yo‘lni kesib o‘tish masofasi uzayadi.

Mutaxassis ma’lumotlariga ko‘ra, chorrahadan har kuni 286 ming piyoda va 140 ming avtomobil o‘tadi. Shunga qaramay, hududning 80 foizdan ortig‘i avtomobillar uchun ajratilgan, piyodalar esa atigi 10 foiz maydondan foydalanmoqda.

Foto: Archemistry | Urban / Telegram

Urbanist yo‘llarni kengaytirish tirbandlikni bartaraf etmasligini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, bunday loyihalar qisqa muddatda natija berishi mumkin, ammo 2–3 yil ichida avtomobillar soni ortib, tirbandlik yana qaytadi. Bundan tashqari, loyiha iqtisodiy jihatdan ham samarasiz deb baholanmoqda. Yo‘l o‘tkazgich qurilishi $20–40 mln talab qiladi, ammo bu mablag‘ shahar muammosini uzoq muddatga hal qilmaydi.

Foto: Archemistry | Urban / Telegram

Urbanist esa boshqa yondashuvni ilgari surdi. Unga ko‘ra, chorrahani avtomobillar emas, odamlar uchun qulay qilish kerak. Muqobil loyihada avtobuslar uchun alohida BRT yo‘lagi saqlab qolinadi. Piyodalar uchun esa yer usti xavfsiz o‘tish yo‘laklari tashkil etilib, masofa 100 metrdan 25–30 metrgacha qisqartiriladi.

Bundan tashqari, piyodalar hududini kengaytirish va kichik yashil hududlar yaratish orqali atrofdagi biznes faolligini oshirish mumkinligi ta’kidlanmoqda. Moliyaviy jihatdan ham farq katta. Yo‘l o‘tkazgich qurilishi $20–40 mln turishi mumkin. Muqobil loyiha esa atigi $3–5 mln atrofida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Buyuk ipak yo‘li» metrosi yaqinidagi chorrahada ikki qavatli yo‘l qurilishi haqida yozgan edik. Shahar hokimligi rejasiga ko‘ra, Mustaqillik shohko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk ipak yo‘li kesishmasida ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi. Ushbu hudud poytaxtdagi eng tirband nuqtalardan biri bo‘lib, harakat ko‘pincha qo‘lda boshqariladi.