Yangiliklar

Farrux Zokirovning 80 yillik yubileyi: prezidentdan orden, san’atkor nomidagi ijod maktabi va bolalar ansambli

«Yalla» ansambli faoliyati va uning 55 yillik ijodiy yo‘li ham e’tirof etildi
Farrux Zokirovning 80 yillik yubileyi / Foto: President.uz

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston xalq artisti, milliy estrada san’atining yorqin namoyandasi Farrux Zokirovning 80 yillik tavalludiga bag‘ishlangan tantanali yubiley tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda davlat hamda jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkor ziyolilar, «Yalla» ansambli a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Prezident so‘zga chiqib, Farrux Zokirovni yubiley sanasi bilan samimiy tabriklab, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi.

Foto: President.uz

Unda Zokirovlar sulolasining o‘zbek musiqa va qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirishdagi hissasi alohida qayd etildi. Xususan, Karim Zokirov asos solgan san’at maktabi hamda Botir Zokirovning boy ijodiy merosi milliy madaniyatning muhim qismi sifatida e’tirof etildi. Farrux Zokirov esa ushbu an’analarni davom ettirib, milliy estrada san’atini yangi bosqichga olib chiqqan ijodkor sifatida baholandi.

Shuningdek, «Yalla» ansambli faoliyati va uning 55 yillik ijodiy yo‘li ham tilga olinib, jamoaning 400 dan ortiq qo‘shiqlar ijro etgani, «Uchquduq», «Toshkentim onam», «Choyxona», «Handalak» kabi asarlar xalqning ma’naviy merosiga aylangani ta’kidlandi. Ansamblning nafaqat mamlakat, balki xalqaro sahnalarda ham katta shuhrat qozongani qayd etildi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz

Tadbirda Farrux Zokirovning yosh ijodkorlarga ustozlik qilayotgani, «Ovoz» kabi loyihalar orqali yangi iste’dodlarni tarbiyalashga hissa qo‘shayotgani ham alohida e’tirof etildi. Shuningdek, uning xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni ham ta’kidlandi.

Tantanada prezident tomonidan maxsus farmon va qaror imzolangani e’lon qilinib, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi berilishi, shuningdek, ushbu ta’lim dargohida yangi ijodiy laboratoriyalar va ansambllar tashkil etilishi ma’lum qilindi. Tadbir yakunida Farrux Zokirov milliy san’atni rivojlantirish va madaniyat sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

Foto: President.uz

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Tojikistonlik shashmaqom ansambli rahbari «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagan edi.