Avto

Genesis sotuvlari 1 mln donadan oshdi

Genesis brendi 2015-yil noyabrda ishga tushirilgan edi
Genesis sotuvlari 1 mln donadan oshdi
Foto: Motor1

Janubiy Koreyaning Genesis premium brendi ichki bozorda 1 mln dona avtomobil sotuviga erishdi. Bu natija kompaniya ish boshlaganidan keyin 10 yil 4 oy ichida qayd etildi.

Genesis brendi 2015-yil noyabrda ishga tushirilgan edi. Brendning ilk modeli flagman sedan EQ900 bo‘lgan. Keyinchalik G80 va G70 taqdim etildi. 2018-yilda esa G90 chiqib, sedanlar qatori to‘liq shakllandi.

Foto: Genesis

2020-yildan boshlab kompaniya SUV segmentiga e’tibor qaratdi. GV80 va GV70 modellari sotuvlarning keskin oshishiga sabab bo‘ldi. O‘sha yili Genesis ilk bor yiliga 100 ming dona sotuvdan oshdi. Keyingi yillarda elektrlashtirilgan modellarning paydo bo‘lishi o‘sishni davom ettirdi.

Eng mashhur model G80 bo‘lib, 422,5 ming dona sotilgan. Bu umumiy sotuvning 42,1 foizini tashkil qiladi. Sedanlar ulushi 61,8 foizni, SUV modellari esa 38,2 foizni egalladi. Janubiy Koreya hali ham Genesis uchun asosiy bozor bo‘lib qolmoqda.

Kursiv Uzbekistan nashri Genesis G90 Wingback modeli qanday ko‘rinishda ekani haqida yozgan edi.