
Isroil va Livan rasmiylari 1993-yildan beri ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.
Uchrashuv Vashingtonda tashkil etilgan va asosiy maqsad Isroil bilan Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh» guruhi o‘rtasidagi to‘qnashuvni kamaytirishdan iborat bo‘lgan. AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu uchrashuvni «tarixiy imkoniyat» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar kelajakda bevosita muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan.
«Bu vaqt oladi, ammo biz bu sa’y-harakat bunga arziydi, deb hisoblaymiz. Bu tarixiy uchrashuv bo‘lib, biz uni davom ettirishni umid qilamiz», – deya qayd etgan u jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Isroil muzokaralarda barcha nodavlat qurolli guruhlarni qurolsizlantirish zarurligini ta’kidlagan. Bu orqali ular, asosan, «Hizbulloh»ni nazarda tutmoqda. Livan esa avvalo o‘t ochishni to‘xtatish va mamlakatdagi og‘ir gumanitar vaziyatni yengillashtirish choralarini talab qilgan.
So‘nggi haftalarda vaziyat keskinlashgan. 2-martdan buyon Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlari davom etmoqda. Bu operatsiyalar boshlanishidan buyon 2 mingdan ortiq odamlar halok bo‘lgan. Muzokaralar bo‘layotgan paytda ham «Hizbulloh» Isroilga qarshi kamida 24 ta hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Isroilning shimoliy hududlarida kun davomida raketa va dron ogohlantirishlari eshitilib turgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Eron muzokaralarni qayta boshlashi mumkinligi haqida yozgan edi.