Yangiliklar

Kursiv Uzbekistan eng ko‘p iqtibos keltiriladigan OAV orasida ikkinchi o‘rinda

Bir yil ichida nashr reytingda uch pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi
Kursiv Uzbekistan eng ko‘p iqtibos keltiriladigan OAV orasida ikkinchi o‘rinda / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida eng ko‘p iqtibos keltiriladigan ommaviy axborot vositalari reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Brand Analytics tomonidan tashkil etilgan BA Workshop Uzbekistan tadbirida ma’lum qilindi.

Reytingga ko‘ra, mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda Kursiv materiallariga 10 119 ta repost va havolalar qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha nashrni faqat Kun.uz ortda qoldirgan. O‘tgan yili esa Kursivning iqtibos indeksi 9 071 tani tashkil qilib, reytingda beshinchi o‘rin qayd etgan edi.

Brand Analytics ijrochi direktori Marina Popova bu natijani obyektiv ko‘rsatkich deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, bu tahririyat o‘z auditoriyasiga to‘g‘ri yo‘naltirilgan siyosat olib borayotganini bildiradi.

Foto: Pavel Nosachyov / BA Workshop Uzbekistan tadbiridan lavha

«Bu shuni anglatadiki, tahririyat o‘z ishini to‘g‘ri bajarmoqda, haqiqiy o‘quvchilarga yo‘naltirilgan siyosatni amalga oshirmoqda. Ko‘pincha OAV o‘zlari o‘ylab topgan ancha mavhum, xayoliy auditoriyaga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Agar biz, haqiqatan ham, bizni o‘qiyotgan odamlarni, ya’ni kontent va yangiliklarni kimlar uchun yozayotganimizni inobatga olsak, natijalar boshqacha shakllana boshlaydi. Bu esa tahririyat siyosati sizni o‘qiyotgan insonlarga to‘g‘ri yo‘naltirilganini anglatadi», – deya ta’kidladi Marina Popova.

Ma’lumot uchun, Brand Analytics – Rossiya va MDH bozorlarida ijtimoiy media hamda ommaviy axborot vositalarini monitoring va tahlil qilish tizimlarini ishlab chiquvchi IT-kompaniya hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik darajasini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi – 2025 natijalari e’lon qilingan edi.