
O‘zbekistonda uran qazib olish hajmi 2030-yilga borib 20 ming tonnadan oshiriladi. Bu haqda «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ Regional va rudali geologiya bo‘limi bosh mutaxassisi Anvar Namozov ma’lum qildi.
2025-yilda mamlakatda 7 ming tonnadan ortiq uran ishlab chiqarilgan. 2026-yilda bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobar oshiriladi. Rejaga muvofiq, ishlab chiqarish hajmi 12,5 ming tonnaga yetkaziladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda aniqlangan uran zaxiralari 139 ming tonnaga yetgan. Bu mamlakatning ushbu yo‘nalishdagi salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi. Jahon yadro uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda 4 ming tonna uran qazib olingan. Keyingi yillarda esa ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshgani qayd etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilda «Navoiyuran» tushumi 20,2 foizga oshgani haqida yozgan edi.
Unga ko‘ra, kompaniya tushumi $1,112 mlrdga yetib, 2024-yildagi $925 mlnga nisbatan 20,2 foizga oshgan. Moslashtirilgan EBITDA $624 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, sof foyda $472 mlngacha yetgan. Erkin pul oqimi esa sezilarli ravishda oshib, $288 mlndan $460 mlnga (+59,7%) ko‘tarilgan.