Sport

O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Filippinni yirik hisobda mag‘lub etdi

Hisob – 28:3
O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Filippinni yirik hisobda mag‘lub etdi
Foto: O‘zbekiston xokkey federatsiyasi

O‘zbekiston terma jamoasi xokkey bo‘yicha jahon chempionatidagi ikkinchi uchrashuvini ishonchli o‘tkazdi. Jamoa Filippinni 28:3 hisobida mag‘lub etib, turnirdagi yetakchiligini mustahkamladi.

Uchrashuv boshidanoq o‘zbekistonliklar tashabbusni qo‘lga oldi. Birinchi bo‘limda jamoa 6 ta shayba kiritib, atigi bittasini o‘tkazib yubordi. Ikkinchi bo‘limda ustunlik yanada oshdi. O‘zbekiston yana 12 ta gol urdi. Himoya ham ishonchli o‘ynab, raqibga faqat bir bor imkon berdi.

Uchinchi bo‘limda esa jamoa ustunlikni yakuniy hisobga aylantirdi. Yana 10 ta shayba kiritildi va umumiy hisob 28:3 bo‘ldi. O‘zbekiston zarbalar soni bo‘yicha ham katta ustunlikka ega bo‘ldi. Jamoa darvozaga 79 marta zarba berdi, Filippin esa 17 marta.

Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi Yegor Dorofeyev deb topildi. U uchta shayba muallifiga aylandi. Eng sermahsul o‘yinchi Sinyavskiy bo‘lib, u 5 ta gol urdi. Shuningdek, Kravchenko va Golubovich 4 tadan, Dadaxojayev 3 ta gol kiritdi.

Yana bir qator futbolchilar ham o‘z nomini tabloga yozdirdi. Jilov, Nazarevich, Tillaxodjayev va Rasulov 2 tadan gol urdi. O‘zbekiston jamoasi jahon chempionatida ketma-ket ikkinchi yirik g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston xokkey terma jamoasi JChni yirik g‘alaba bilan boshlagani haqida yozgan edi.