
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turnirida g‘olib chiqqan Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda rasmiy president.uz sayti xabar bermoqda.
Muloqot davomida Javohir Sindorovning 13 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida noyob hodisa ekani qayd etildi. Shuningdek, uning dunyoning yetakchi shaxmatchilariga qarshi bahslarda yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat ko‘rsatgani alohida e’tirof etildi.
Davlat rahbari shaxmatchiga jahon toji uchun bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi bellashuvlarda omad tiladi. Bundan tashqari, joriy yili Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Sindorovning ishtiroki milliy jamoaga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlashi aytib o‘tildi.
Prezident sportchining ota-onasi, yaqinlari va murabbiylarini ham ushbu yutuq bilan chin dildan tabrikladi. O‘z navbatida, Javohir Sindorov bildirilgan yuksak e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindorov Nomzodlar turniridan qancha ishlab topgani haqida xabar bergan edi.