
Uzbekistan Airways 14-apreldan boshlab Toshkent — Tel-Aviv yo‘nalishida muntazam parvozlarni yana yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi jadvalga muvofiq, dushanba va payshanba kunlari Toshkentdan uchish soat 08:05 va 08:10, Tel-Avivdan Toshkentga qaytish esa 13:35 va 12:35 etib belgilangan. Seshanba kunlari Toshkentdan parvoz 15:15 da amalga oshiriladi, qaytishda esa samolyot 20:15 da Tel-Avivdan uchib, Samarqand orqali Toshkentga yetib keladi.
Shuningdek, aviakompaniya yo‘nalishni yanada kengaytirish maqsadida 3-maydan boshlab yakshanba kunlari qo‘shimcha reyslarni ham joriy etmoqda. Ushbu qatnov Toshkentdan Samarqand orqali Tel-Avivga amalga oshiriladi, qaytish esa Tel-Avivdan Toshkentga soat 13:35 da bajariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Asiana Airlines Seul — Toshkent yo‘nalishidagi parvozlarni qayta tiklashi haqida yozgandi.