
O‘zbekistonda o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari faoliyatini baholashga qaratilgan milliy reyting tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Adliya vazirligi tomonidan o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish hamda ularni rag‘batlantirish tartibini belgilovchi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat texnikumlar va akademik litseylar faoliyatini tizimli ravishda baholashni nazarda tutadi.
Milliy reytinglar Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi tomonidan alohida yuritiladi. Reyting ko‘rsatkichlari bir nechta manbalar asosida shakllantiriladi: vazirlik va idoralarning axborot tizimlari, ta’lim muassasalari taqdim etadigan hujjatlar hamda umumxalq so‘rovnomalari natijalari.
Har yili 30-mayga qadar o‘quvchilar, pedagoglar va ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilishi belgilangan. Reyting natijalari har yili 10-oktabrga qadar e’lon qilinadi.
Eng yuqori natijalarni qayd etgan 50 ta texnikumga bazaviy hisoblash miqdorining 3 ming baravarigacha (hozirda 1,2 mlrd so‘mdan ziyod) mablag‘ ajratilishi mumkin. Ushbu mablag‘larning 80 foizi moddiy-texnik bazani mustahkamlashga, qolgan 20 foizi esa rahbar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarga 30 million so‘mgacha pul mukofoti berilishi haqida yozgan edik.