Yangiliklar

AQSh Senati Eron bilan urushni to‘xtatish rezolyutsiyasini rad etdi

Kongress yaqin kunlarda Tramp ma’muriyati mojaro bo‘yicha batafsil reja taqdim etishini kutmoqda
AQSh Senati Eron bilan urushni to‘xtatish rezolyutsiyasini rad etdi
Foto: Pexels

AQSh Senati Eron bilan bog‘liq harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi. Hujjat prezident Donald Tramp ma’muriyatini qo‘shinlarni mojaro hududidan olib chiqishga majbur qilishi kerak edi.

Rezolyutsiya Demokratlar partiyasi vakillari tomonidan ilgari surilgan. Ovoz berishda 47 senator uni qo‘llab-quvvatladi, 52 nafari esa qarshi chiqdi. Senatda ko‘pchilik o‘rinlar Respublikachilar qo‘lida bo‘lgani natijaga ta’sir qildi.

Hujjatga ko‘ra, Kongress ruxsatisiz harbiy harakatlarni davom ettirish mumkin emas edi. Demokratlar Eron bilan urushni noqonuniy deb hisoblamoqda. Ular bu masalani yana Senatga qayta-qayta olib chiqishni rejalashtirmoqda. 2026-yil boshidan beri Senat to‘rtinchi bor prezidentning urush bo‘yicha qarorlarini cheklamadi. Shu bilan u amalda o‘z vakolatlarini prezident foydasiga cheklab qo‘ydi.

1973-yilda qabul qilingan harbiy vakolatlar qonuniga ko‘ra, Kongress 60 kun ichida urushni tasdiqlashi kerak. Bu muddat aprel oxirida tugaydi. Qonun yana 30 kun uzaytirish imkonini ham beradi.

Kongress yaqin kunlarda Tramp ma’muriyati mojaro bo‘yicha batafsil reja taqdim etishini kutmoqda. Shu bilan birga, Kongressning urush qarorlaridagi roli AQSh ichki siyosatida asosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh blokadasiga qaramay, Hormuz bo‘g‘ozida harakat deyarli o‘zgarmagani haqida yozgan edi.