Investitsiyalar

BlackRock va Franklin Templeton UzNIF IPO’si doirasida $300 mln atrofida investitsiya kiritadi

Bitimning yakuniy parametrlari, jumladan, narx va joylashtirishning umumiy hajmi 2026-yil may oyi o‘rtalarida, buyurtmalar kitobi shakllantirib bo‘linganidan keyin ma’lum bo‘ladi
Franklin Templeton
Franklin Templeton O‘zbekiston Milliy Investitsiya Fondini boshqarishni boshladi / Foto: ESG

Dunyoning eng yirik investitsiya gigantlari — BlackRock, Franklin Resources (Franklin Templeton) va Redwheel boshqaruvidagi fondlar guruhlari, shuningdek, Allan & Gill Gray Foundation’ning ikkita g‘aznachilik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyadorlik jamiyatining «langar» investorlariga aylanadi. Ular jami qariyb $300 mln miqdoridagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish majburiyatini zimmasiga oldilar. Bu haqda ma’lumot London birjasi saytida e’lon qilindi.

Investorlar xalqaro IPO transhi doirasida global depozitar tilxatlarni (GDR) taklifning yakuniy narxi bo‘yicha sotib oladilar. Listing London fond birjasida (LSE) o‘tkazilishi kutilmoqda, oddiy aksiyalarning mahalliy taklifi esa «Toshkent» respublika fond birjasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi sotuvchi aksiyador sifatida ishtirok etmoqda, bunda UzNIF AJning o‘zi qimmatli qog‘ozlar sotuvidan mablag‘ olmaydi.

Bitimning yakuniy parametrlari, jumladan, narx va joylashtirishning umumiy hajmi 2026-yil may oyi o‘rtalarida, buyurtmalar kitobi shakllantirib bo‘linganidan keyin ma’lum bo‘ladi.

UzNIF’ning mamlakatdagi 13 ta eng yirik davlat korxonalaridagi ulushlarining jami sof aktivlari qiymati (Total NAV) $2,44 mlrdga baholanmoqda.

«UzNIF’ning ishonchli boshqaruvchisi sifatida Franklin Templeton O‘zbekistonga qat’iy sodiq bo‘lib qoladi va biz portfel kompaniyalari bilan operatsion samaradorlikni oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, kuchli korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda butun portfel bo‘ylab uzoq muddatli qiymat yaratish yo‘lida faol ish olib borishda davom etamiz», — dedi Templeton Global Investments’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Marius Dan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ekspertlar bilan 2026-yilda nimaga investitsiya kiritish masalasini muhokama qilgan va UzNIF portfelidagi kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan edi.