Yangiliklar

Farg‘onada 300 mln dollarlik zamonaviy shifoxona quriladi

Mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi
Farg‘onada 300 mln dollarlik zamonaviy shifoxona quriladi
Foto: SSV

Farg‘ona viloyatida $300 mlnlik 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurish bo‘yicha yirik bitim imzolandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Kelishuv Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, «Vision International Investment Company» prezidenti Omar Al-Midani hamda «KOC Construction Mekanik Elektrik Fe LLC» bosh direktori Subutay Gyuzel tomonidan imzolangan. Tadbirda Germaniya elchixonasi vakili Marion Edel ham ishtirok etgan.

Mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati qariyb $300 mlnni tashkil etadi. Qurilish ishlari 36 oy davom etadi. Yangi majmua Farg‘onadagi beshta ixtisoslashgan tibbiyot muassasasini yagona tizimga birlashtiradi. Bu orqali aholi yuqori texnologik tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Foto: SSV

Shifoxonada kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, organ transplantatsiyasi, nefrologiya va ortopediya yo‘nalishlari rivojlantiriladi. Majmua tarkibida 160 o‘rinli intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari ham tashkil etiladi. Loyiha konsorsium tomonidan amalga oshiriladi. Unda Saudiya Arabistonining «Vision International Investment Company» va O‘zbekistonning «KOC Construction Mekanik Elektrik Fe LLC» kompaniyalari ishtirok etadi.

Texnik va moliyaviy model International Finance Corporation ko‘magida ishlab chiqilgan. Shuningdek, Germaniyaning Federal Ministry for Economic Cooperation and Development tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘rta tibbiyot xodimlari Germaniyadagi klinikalarga 2650 dollarlik ishga taklif qilingani haqida yozgan edi.