
Urush qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 mln so‘mdan pul mukofoti beriladi. Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi.
Unda armiyaning jangovar shayligini oshirish, shaxsiy tarkibni yangi tizim asosida o‘qitish va kasbiy tayyorlash ishlari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, qo‘shinlarda strategik va qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari, yig‘inlar hamda dala mashg‘ulotlari tizimli ravishda o‘tkazilmoqda. Bunda harbiylarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, real jangovar vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, qo‘rquv va emotsiyalarni boshqarish kabi muhim ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy jangovar harakatlar tahlili asosida yangi usul va shakllar o‘zlashtirilayotgani ham ta’kidlandi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti to‘lash taklif qilindi. Shuningdek, urush qatnashchilari, mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat ko‘rsatish, yolg‘iz faxriylarning yashash sharoitlarini yaxshilash hamda turli xotira tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Qo‘shimcha ravishda bir qator oliy ta’lim muassasalarida yangi harbiy tayyorgarlik markazlarini tashkil etish hamda «Chaqiriqqacha harbiy ta’lim» yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish choralariga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, Mudofaa vazirligi ofitserlari uchun xizmat yillari bo‘yicha ustamalarni ikki baravarga oshirish, kontrakt asosida xizmat qilayotgan askar va serjantlarning oylik ta’minotini 10 foizga ko‘paytirish taklif etildi. Prezident ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, tegishli hujjatlarni imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq muddatli harbiy xizmatchilar OTMda masofaviy ta’lim olishi mumkinligi va muddatli harbiy xizmat o‘tagan yigitlarga ta’lim krediti berilishi haqida yozgan edik.