Yangiliklar

Kommunaldan qarzdorlik yo‘qligi haqida ma’lumotnoma qanday olinadi

Ushbu davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi
Kommunaldan qarzdorlik yo‘qligi haqida ma’lumotnoma qanday olinadi
Kommunaldan qarzdorlik yo‘qligi haqida ma’lumotnoma qanday olinadi / Foto: Sputnik

O‘zbekistonda kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish tartibi yangilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Yangi qarorga ko‘ra, ushbu ma’lumotnomani berish bo‘yicha aniq pasport (ya’ni tartib va talablar) joriy etildi. Endilikda ariza topshirishda jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi ma’lumotlar belgilangan shaklda kiritiladi.

Jismoniy shaxslar uchun familiya, ism, otasining ismi, pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, ma’lumotnoma tili, aloqa vositalari hamda kadastr raqami talab etiladi. Yuridik shaxslar esa tashkilot nomi, STIR, telefon raqami, kadastr va abonent hisob raqamini ko‘rsatishi lozim.

Muhimi, ushbu davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi. Ma’lumotnoma olish jarayoni raqamlashtirilgan bo‘lib, u my.gov.uz orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda yangi uylar «aqlli» suv hisoblagichlari bilan majburiy jihozlanishi haqida yozgandi.