
Moldova 2027-yil 8-apreldan boshlab Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tarkibidan rasman chiqadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri va vitse-premeri Mixay Popshoy ma’lum qildi.
Uning aytishicha, tegishli qarorlar 2026-yil 8-aprelda qabul qilingan va Minskka rasmiy xabarnoma yuborilgan. Xalqaro qoidalarga ko‘ra, chiqish jarayoni 12 oy davom etadi. Shu sabab Moldova 2027-yil bahorida MDH a’zoligini to‘liq yakunlaydi.
Rasmiylar ta’kidlashicha, mamlakat amalda allaqachon uzoq vaqtdan beri tashkilot faoliyatida ishtirok etmay kelgan. Shu bilan birga, Moldova ayrim iqtisodiy kelishuvlarda ishtirokni saqlab qoladi. Bu borada Gruziya tajribasidan foydalanilmoqda.
So‘nggi ikki yil ichida mamlakat MDH doirasidagi ko‘plab hujjatlarni qayta ko‘rib chiqdi. 283 ta kelishuvdan 71 tasi bekor qilingan, yana qariyb 60 tasi ko‘rib chiqilmoqda.
Qaror MDH tamoyillari, jumladan, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligi buzilayotgani bilan izohlangan. Rasmiylar, shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Moldovadagi harbiy mavjudligini ham sabab sifatida keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Moldova MDHdan chiqish jarayonini boshlagani haqida yozgan edi.