Yangiliklar

O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 14,8 trillion so‘mga yetdi

Ikki oy ichida sohadagi ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,7 foizga oshgan
Foto: Singapore Institute of Management

2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 14,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 17,7 foizga o‘sgan. Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, poytaxtda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 11 trln so‘mga yetgan. Undan keyingi o‘rinlarni Farg‘ona (518 mlrd so‘m) va Samarqand (487,1 mlrd so‘m) viloyatlari egalladi.

Boshqa hududlarda xizmatlar hajmi quyidagicha taqsimlangan: Toshkent viloyatida 418,9 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 328 mlrd so‘m hamda Andijonda 322,8 mlrd so‘m qayd etildi. Eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatiga (112,9 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarida bu ko‘rsatkich 171,7 mlrd so‘mdan 275,2 mlrd so‘mgacha bo‘lgan oraliqni tashkil etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreyada aholi uchun bepul va cheksiz mobil internet joriy qilingani haqida xabar bergan edi.