Investitsiyalar

O‘zbekistonda barqaror tokenlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi

Mazkur nizom barqaror tokenlar bilan ishlashning aniq mexanizmlarini belgilaydi
O‘zbekistonda barqaror tokenlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi
O‘zbekistonda barqaror tokenlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi / Foto: Freepik

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) va Markaziy bank tomonidan barqaror tokenlar (stablecoin) muomalasini tartibga solish bo‘yicha maxsus huquqiy rejimni joriy etish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda ILMA rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Mazkur nizom barqaror tokenlar bilan ishlashning aniq mexanizmlarini belgilaydi. Unda ushbu soha ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ularning faoliyatini nazorat qilish, zarur holatlarda maqomdan mahrum etish hamda yagona reyestr yuritish tartiblari ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibning asosiy maqsadi – zamonaviy texnologiyalar asosida to‘lov tizimlarini rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish. Shu orqali barqaror tokenlarni to‘lov vositasi sifatida joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va bozorda sog‘lom raqobatni kuchaytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, iste’molchilar va investorlar huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Maxsus rejim doirasida milliy yoki xorijiy valyuta bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarish, ulardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish hamda xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (blokcheyn) texnologiyasi asosida yangi to‘lov tizimlarini yaratish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

Mazkur tizimda ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish vakolati ILMA zimmasiga yuklatilgan. Bunda moliyaviy barqarorlik, kiberxavfsizlik va tokenlar emissiyasi kabi muhim masalalar Markaziy bank bilan majburiy tarzda kelishiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kriptoaktivlarning rasmiy aylanmasi o‘tgan yilda 2 milliard dollardan oshgani haqida yozgandi.