Yangiliklar

QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi joriy etildi

Tizim ishtirokchilarining vazifalarini ham belgilab beradi
QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi joriy etildi / Foto: Google

O‘zbekistonda QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishni tartibga soluvchi yagona tizim joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Prezident farmoniga muvofiq, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun bosqichma-bosqich yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish tizimi joriy etilishi belgilangan. Yangi tartib QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona mexanizmini va tizim ishtirokchilarining vazifalarini belgilab beradi.

Qoidalarga ko‘ra, yagona QR-kod foydalanuvchilarga istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, QR-kodlar statik va dinamik turlarga ajratiladi hamda barcha to‘lov tizimlari yagona platforma orqali integratsiya qilinadi.

Bundan tashqari, tizim operatori tomonidan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar va hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan tarzda yuritiladi hamda real vaqt rejimida ishtirokchilarga yetkaziladi. Foydalanuvchilar uchun esa QR-kodni skanerlash, to‘lovni tasdiqlash, operatsiyalar bo‘yicha onlayn ma’lumot olish va tranzaksiyalar tarixini ko‘rish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq naqdsiz to‘lov orqali savdo qilinadigan yo‘nalishlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi haqida yozgan edik.