
Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Narpay tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bir necha fuqarolar o‘zaro til biriktirib, Paxtachi tumani hududida noqonuniy faoliyat yuritgani aniqlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular tarkibida oltin bo‘lishi mumkin bo‘lgan 5 tonna ma’danli toshlarni tegishli ruxsatnomasiz qazib olib, qo‘lbola uskunalar yordamida oltin ajratib olish bilan shug‘ullangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi (foydali qazilmalarni «oltin izlovchilar» usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi uyning yerto‘lasida yashirin mayning ferma topilgan edi.