
OnLeaks taxallusi bilan tanilgan insayder Steve Hemmerstoffer tomonidan Samsung Galaxy A27 smartfonining sifatli renderlari e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, yangi model tashqi ko‘rinishi jihatidan avvalgi avloddan sezilarli darajada farq qiladi.

Xususan, qurilma Samsung Galaxy A26 dagi «Infinity-U» tomchisimon kesimdan voz kechib, old kamera uchun markaziy dumaloq kesimga ega bo‘ladi. Bu esa smartfonni dizayn jihatidan Samsung Galaxy A37, Samsung Galaxy A57 hamda flagman Samsung Galaxy S26 modellariga yaqinlashtiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy A27 6,7 dyuymli tekis ekran, yangilangan uch kamerali modul va yupqaroq korpus bilan jihozlanadi. Qurilma o‘lchamlari 162,3 × 78,6 × 7,9 mm ni tashkil etib, u avvalgi modelga nisbatan biroz qisqaroq, ammo kengroq bo‘ladi. Narx bo‘yicha aniq ma’lumot berilmagan, biroq u taxminan 300 yevro atrofida bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung yangi avlod uchtalik buklanuvchi smartfonini patentlagani haqida yozgan edik.