
Samsung kompaniyasi Galaxy Z TriFold Wide deb nomlanuvchi yangi uchtalik buklanuvchi smartfon konsepsiyasi ustida ish olib bormoqda. Qurilma avvalgi modellarga nisbatan kengroq shaklga ega bo‘lib, yopiq holatda odatiy smartfondek ishlaydi.
Yangi dizayn avvalgi buklanuvchi qurilmalardagi noqulay ekran nisbati muammosini hal qilishga qaratilgan. Qurilma to‘liq ochilganda planshetga o‘xshash katta ekranga aylanadi va bu video tomosha qilish hamda ko‘p vazifalilik rejimi uchun qulaylik yaratadi.
Kompaniyaning birinchi uchtalik buklanuvchi smartfoni taxminan $2,9 ming narxda sotuvga chiqqan edi. Ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar sababli u bozorda uzoq vaqt qolmadi, biroq qurilmaga bo‘lgan talab saqlanib qolib, ikkilamchi bozorda qayta sotish narxlari keskin oshgani kuzatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusida chiqishi kutilayotgan Galaxy Z Fold 8 modeli ham xuddi shunday kengroq dizaynga ega bo‘lishi ehtimoli bor. Ayni paytda bozorda raqobat kuchaymoqda. Huawei shunga o‘xshash keng shakldagi qurilmalarni sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lsa, Apple 2026-yil oxirigacha ushbu toifaga kirib kelishi taxmin qilinmoqda.
Hozircha ushbu loyiha faqatgina patent darajasida bo‘lib, uning qachon tayyor mahsulotga aylanishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q. Asosiy e’tibor qurilmani eksperimental bosqichdan chiqarib, kundalik foydalanish uchun amaliyroq va keng ko‘lamda ishlab chiqarishga moslashtirishga qaratilgani aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S27 turkumiga Pro modelini qo‘shishi haqida xabar bergan edi.