
Olmaotada Shakira va Eminem konserti bo‘lishi mumkinligi atrofida yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan nashri xabar bermoqda.
Tashkilotchi Aleksey Puchkovning aytishicha, Shakira bilan muzokaralar ancha vaqtdan beri davom etmoqda. Ammo hozircha aniq kelishuv yo‘q.
Uning ma’lum qilishicha, xonandaning chiqishi $7,5 mln atrofida baholanmoqda. Bundan tashqari, menejment kamida 50 ming tomoshabinga mo‘ljallangan maydon talab qilmoqda.

Puchkov bunday yuqori narxlar ko‘pincha mahalliy tashkilotchilar o‘rtasidagi raqobat bilan bog‘liqligini aytdi. Bu esa artistlar uchun narxni oshiradi. Eminem bo‘yicha vaziyat esa ancha murakkab. Tashkilotchining so‘zlariga ko‘ra, reper Qozog‘istonga kelishga tayyor emas. U hozir umumiy gastrol faoliyatida ham kamroq ishtirok etmoqda.

Olmaota hokimligi ham bu xabarlarni izohladi. Rasmiylarga ko‘ra, bu masala hali muhokama bosqichida. Hech qanday shartnoma imzolanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jennifer Lopesning konserti sabab rasvosi chiqqan «Bunyodkor» stadionida ta’mirlash ishlari boshlangani haqida yozgan edi.