
Surxondaryo viloyatida Termiz shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimi pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, u xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroni aldashga uringan. Mansabdor bo‘lim tez orada boshqa joyga ko‘chishini aytgan. Bo‘shaydigan bino va yer maydonini $3 ming evaziga tanishlari orqali auksionda olib berishni va’da qilgan.
Tezkor tadbir davomida u $2 ming va 12 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlangan. Pul mablag‘lari dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jizzax va Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.
Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimligi bosh mutaxassisi pora bilan ushlanadi. U o‘z xizmat mavqeyini suiiste’mol qilib, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoniga tutash 4 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali auksion savdosida yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 mln so‘m olgan.