
Shaxmat bo‘yicha sportchilar va ularning murabbiylariga xalqaro musobaqalarda erishilgan natijalar uchun bir martalik pul mukofotlari tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hozirgi kundagi BHM miqdoriga binoan mukofot pullari miqdori quyidagicha:
| T/r | Musobaqa | Medal | Shaxmatchi (so‘m) | Murabbiy (so‘m) |
|---|---|---|---|---|
| 1 | Butunjahon shaxmat olimpiadasi | Oltin | 824 mln so‘m | 412 mln so‘m |
| Kumush | 412 mln so‘m | 206 mln so‘m | ||
| Bronza | 206 mln so‘m | 103 mln so‘m | ||
| 2 | FIDE jahon musobaqalari | Oltin | 123,6 mln so‘m | 61,8 mln so‘m |
| Kumush | 61,8 mln so‘m | 30,9 mln so‘m | ||
| Bronza | 30,9 mln so‘m | 15,45 mln so‘m | ||
| 3 | FIDE Osiyo musobaqalari | Oltin | 28,84 mln so‘m | 14,42 mln so‘m |
| Kumush | 14,42 mln so‘m | 7,21 mln so‘m | ||
| Bronza | 7,21 mln so‘m | 3,605 mln so‘m | ||
| 4 | Xalqaro grossmeyster unvoni | — | 41,2 mln so‘m | — |
Qabul qilingan tartibga ko‘ra, Butunjahon shaxmat olimpiadasi (kattalar o‘rtasida) g‘olib va sovrindorlarga bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan mukofotlar beriladi. Oltin medal uchun shaxmatchiga 2 ming barobar miqdorda, murabbiyga 1 ming; kumush medal uchun shaxmatchiga 1 ming, murabbiyga 500; bronza medal uchun esa shaxmatchiga 500, murabbiyga 250 barobar miqdorida to‘lov belgilangan.
FIDE tasnifiga ko‘ra jahon miqyosidagi musobaqalarda ham mukofot tizimi amal qiladi. Ushbu toifada oltin medal uchun shaxmatchiga 300 barobar, murabbiyga 150; kumush medal uchun shaxmatchiga 150, murabbiyga 75; bronza medal uchun esa shaxmatchiga 75, murabbiyga 37,5 barobar miqdoridagi mukofot puli beriladi.
Shuningdek, FIDE tasnifidagi Osiyo miqyosidagi musobaqalarda ham rag‘batlantirish tizimi belgilangan. Oltin medal uchun shaxmatchiga 70 barobar, murabbiyga 35; kumush medal uchun shaxmatchiga 35, murabbiyga 17,5; bronza medal uchun esa shaxmatchiga 17,5, murabbiyga 8,75 barobar miqdorida mukofot to‘lanadi.
Bundan tashqari, xalqaro grossmeyster sport unvoni berilganda shaxmatchiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobar miqdorida bir martalik mukofot berilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarovning Nomzodlar turnirini tarixiy natija bilan yakunlagani haqida yozgan edik.