
Xorazm viloyatida qariyb 9 kg «Opiy» giyohvandlik moddasining savdosi bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Birinchi holatda, Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalari savdosi uchun sudlangan shaxs Urganch tumani hududida to‘xtatilib tekshirilgan. Uning yonidan 4,4 kgdan ziyod «opiy» moddasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Ikkinchi holatda esa «Berlniy – Urganch» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» avtomobili Urganch tumanidagi «Cholish» yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada, avtomashinada bo‘lgan 2002-yilda tug‘ilgan, ilgari narkojinoyat uchun sudlangan shaxsga tegishli 4,5 kgdan ziyod «opiy» moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ma’lumot uchun, har ikki holatda ham gumonlanuvchilar ushbu moddalarni Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yirik miqdorda sintetik narkotiklar qo‘lga olingan edi.