Sport

Yevropa ligasi: «Frayburg» mehmonda «Selta»ni mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi

Ispaniyada o‘tgan javob uchrashuvida nemis klubi 1:3 hisobida zafar quchib, umumiy 6:1 natijasini qayd etdi
Foto: scfreiburg.com

Ispaniyada bo‘lib o‘tgan Yevropa ligasi chorak finalining javob uchrashuvida Germaniyaning «Frayburg» klubi mahalliy «Selta» jamoasi ustidan 1:3 hisobida g‘alaba qozondi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, nemis jamoasi turnirning yarim finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

O‘yinning 33-daqiqasida Makengoning uzatmasidan so‘ng Igor Matanovich hisobni ochdi. Oradan olti daqiqa o‘tib, 39-daqiqada Yuito Sudzuki oradagi farqni ikkitaga oshirishga erishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida, aniqrog‘i 51-daqiqada Sudzuki o‘zining ikkinchi, jamoasining uchinchi golini kiritib, dublini nishonladi.

Foto: scfreiburg.com

91-daqiqada mezbonlar hisobni qisqartirdi. Svedberg «Selta»ning yagona goliga mualliflik qildi. Mezbonlar safida Ilaysh Moriba, Matias Vesino, Yago Aspas va Xyugo Alvares ogohlantirilgan bo‘lsa, «Frayburg»dan Igor Matanovich hamda Mattias Ginter sariq kartochkaga loyiq ko‘rildi.

Germaniyadagi dastlabki o‘yinda «Frayburg» 3:0 hisobida zafar quchgan edi. Ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, o‘z ustunligini to‘liq namoyish etgan klub keyingi bosqich ishtirokchisiga aylandi.

Foto: scfreiburg.com

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Bavariya» «Real Madrid»ni mag‘lubiyatga uchratib, YChL yarim finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.