Avto

Chevrolet Cobalt avtomobili navbatsiz sotila boshladi

Hozirgi narxlarga ko‘ra, Cobalt Style MCM 156,1 mln so‘m, Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mdan taklif etilmoqda
Chevrolet Cobalt avtomobili navbatsiz sotila boshladi
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Toshkentdagi avtosalonlarda Chevrolet Cobalt avtomobili navbatsiz sotila boshladi. Xaridorlar endi ortiqcha to‘lov va vositachilarsiz mashina xarid qilishi mumkin, deya xabar berdi Autostrada.

Ma’lumotlarga ko‘ra, deyarli barcha salonlarda Cobalt MCM versiyasi mavjud. Xaridor kelib, to‘lovni amalga oshirib, avtomobilni darhol olib ketishi mumkin. Bu holat so‘nggi yillarda kuzatilmagan edi. Yangi tartib ikkilamchi bozorda keskin o‘zgarishlarga olib keldi. Ilgari Cobalt uchun ustama 8–10 mln so‘mga yetgan bo‘lsa, hozir u atigi 3 mln so‘m atrofida qolmoqda. Ba’zi hollarda esa vositachilar umuman foyda qila olmayapti.

Rasm SI yordamida sayqallangan / Manba: Autostrada

Kursiv Uzbekistan holatni aniqlash maqsadida bir nechta avtosalonlar bilan bog‘landi. Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan «Avtotexxizmat» MChJ vakili model bazada borligi, bir necha soat ichida salondan olib ketish mumkinligini qayd etdi.

Shuningdek, foydalanilgan avtomobillar ham arzonlashdi. Oldin kam yurgan mashinalar yangi avtomobildan ham qimmat sotilgan bo‘lsa, hozir ular salon narxidan 25–30 mln so‘mga arzonlashgan. Eng asosiy omillardan biri — yangi MCM versiyalarining paydo bo‘lishi. Ular qo‘shimcha opsiyalar bilan jihozlangan va narxi eski modellarga qaraganda 8–10 mln so‘mga yuqori.

Hozirgi narxlarga ko‘ra, Cobalt Style MCM 156,1 mln so‘m, Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mdan taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Blazer avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.