Yangiliklar

Eron Hormuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochdi

Isroil-Livan sulhi muddati tugagunga qadar
Eron Hormuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochdi / Foto: Facebook

Isroil va Livan o‘rtasidagi 10 kunlik sulh fonida Eron Hormuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochiq deb e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ma’lum qilishicha, mamlakat Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga muvofiq Hormuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochdi. Uning qayd etishicha, bu tartib Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh muddati tugagunga qadar amal qiladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, kemalar Eron portlari va dengiz navigatsiyasi tashkiloti tomonidan oldindan belgilangan va kelishilgan yo‘nalishlar orqali harakatlanishi mumkin. Bu esa bo‘g‘ozdan o‘tish jarayonini muvofiqlashtirilgan tartibda davom ettirishga xizmat qiladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Truth ijtimoiy tarmog‘ida mazkur bayonotga izoh berib, Hormuz bo‘g‘ozining ochilgani va kemalar erkin harakatlanishi mumkinligini olqishlaganini bildirdi.

Avvalroq, mintaqadagi harbiy keskinliklar fonida Eron bo‘g‘ozni yopganini ma’lum qilib, ayrim tankerlarning ruxsatsiz o‘tishiga qarshi dron va raketa hujumlari uyushtirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, Tehron bo‘g‘ozning asosiy yo‘nalishlari xavfsiz emasligi, xususan mina xavfi mavjud bo‘lishi mumkinligini bildirgan, biroq buni tasdiqlovchi aniq asos taqdim etilmagan.

Ma’lumot uchun, Eron ayrim kemalarga qirg‘oq bo‘ylab harakatlanish imkonini bergan va buning evaziga to‘lov undirilgan. 8-aprel kuni esa AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi e’lon qilingan va bo‘g‘oz ochilgan edi. Biroq, bir kun o‘tib, Isroilning Livanga hujumlari fonida Hormuz bo‘g‘ozi yana yopib qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livan va Isroil o‘rtasida 10 kunlik sulh kuchga kirgan bir paytda AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashayotganini bildirgan edi.