
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim tizimini tartibga soluvchi yangi qoidalar joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Adliya vazirligi tomonidan «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tariflash ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat ta’lim jarayonini tizimli tashkil etish va pedagoglar faoliyatini aniq tartibga solishni nazarda tutadi.
Nizomga muvofiq, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi. Jumladan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, shuningdek, o‘quvchilarning ehtiyojlariga mos maxsus metodikalarni — imo-ishora tili, Brayl alifbosi va nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullarini bilishi shart etib belgilandi.
Shuningdek, hujjatda dars yuklamalarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, dars soatlari avvalo malaka toifasi yuqori bo‘lgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi. Bir pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha oshirilishi mumkin.
Bundan tashqari, tariflash ro‘yxatini shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlash muddatlari ham aniq belgilangan. Xususan, dars soatlari har yili 17-sentabrgacha elektron tizimga kiritiladi va 25-sentabrgacha vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilariga 30 million so‘mgacha pul mukofoti berilishi haqida yozgan edik.