Yangiliklar

O‘zbekistonda «Rektorlar maktabi» dasturi yo‘lga qo‘yiladi

O‘quv jarayonlari 6 oygacha davom etib, onlayn va oflayn shaklda tashkil etiladi
O‘zbekistonda «Rektorlar maktabi» dasturi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda «Rektorlar maktabi» dasturi yo‘lga qo‘yiladi / Foto: Getty Images

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi uchun rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratilgan «Rektorlar maktabi» dasturi joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarori e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab «Yangi O‘zbekiston» universiteti bazasida davlat oliy ta’lim muassasalari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad — oliy ta’lim muassasalari uchun malakali rahbarlar zaxirasini shakllantirishdir. O‘qishga nomzodlar ochiq tanlov asosida qabul qilinadi.

Talablar quyidagicha:
— 30 yoshdan katta bo‘lish;
— kamida magistr darajasiga ega bo‘lish;
— oliy ta’lim tizimida kamida 5 yil ish tajribasi, shundan 2 yil rahbarlik lavozimida ishlagan bo‘lish.

Dastur davomida tinglovchilarga akademik va moliyaviy boshqaruv, ilmiy va innovatsion faoliyatni tashkil etish, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, shuningdek, strategik boshqaruv yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalar beriladi.

O‘quv jarayonlari 6 oygacha davom etib, onlayn va oflayn shaklda tashkil etiladi. Har yili dasturga 80 nafargacha tinglovchi qabul qilinadi.

Dastur yakunida eng yuqori natija ko‘rsatgan 40 nafargacha ishtirokchi AQShdagi Garvard universiteti va boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikkita universitetga yangi rektorlar tayinlangani haqida yozgandi.