
O‘zbekistonga 2030-yilgacha 20 mln xorijiy sayyohni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan O‘zbekistonga qariyb 3 mln sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 37 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Turizm xizmatlari eksporti esa 48 foizga oshib, $1,1 mlrdga yetdi.
Endilikda har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqiladi. Bu orqali hududlar kesimida aniq natijalarga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taqdimotda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. 2026–2027-yillarda 31 ta master-rejani amalga oshirish boshlanadi. Natijada 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Joylashtirish vositalari sonini 8 250 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, turizm qishloqlari va mahallalari soni 84 taga oshiriladi.
Yangi turizm mahsulotlarini yaratish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangi mexanizmlar joriy etiladi. Xorijiy turistlarni jalb qilishga qaratilgan reklama xarajatlarining 25 foizigacha qismi qoplab beriladi. Bunda kompensatsiya miqdori 500 mln so‘mdan oshmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent shahar iqtisodiyoti 12 foizga oshirilishi haqida yozgan edi.