
So‘nggi kunlarda ayrim mamlakatlarda COVID-19’ning Cicada deb nomlangan BA.3.2 shtammi tarqalayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) mutaxassislari bu holat yuzasidan izoh berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shtamm AQSh, Gonkong, Mozambik va Buyuk Britaniya kabi 23 ta davlatda qayd etilgan. Biroq hozircha uning keng tarqalishi yoki jiddiy xavf tug‘dirishi bo‘yicha dalillar yo‘q.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning aytishicha, BA.3.2 shtammi allaqachon aniqlangan va u tez tarqalmasligi bilan ajralib turadi. Shu sabab unga uzoq vaqt sezilmay yuradigan hasharot nomi berilgan.
Mutaxassis fikricha, yangi shtamm klinik belgilar bo‘yicha «Omikron»ga o‘xshash. U burun bitishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, qizarish, ba’zan hid va ta’m bilmaslik bilan kechadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, ushbu virus bolalar orasida ko‘proq uchramoqda. Bunga sabab kattalarda pandemiya davrida shakllangan immunitet bilan izohlanmoqda. Bolalarda esa bunday himoya yetarli darajada shakllanmagan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, surunkali kasalligi borlar, immuniteti past va yoshi katta fuqarolar ham xavf guruhiga kiradi. Vazirlik virus o‘chog‘i aniqlangan hududlardan kelganlar bilan muloqotni cheklashni tavsiya qilmoqda. Shu bilan birga, Cicada shtammi yangi epidemiya yoki pandemiya keltirib chiqaradi degan xavotirlar asossiz ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda esa epidemiologik vaziyat barqaror. Aholining qariyb 80 foizida jamoaviy immunitet shakllangan. Shu bois mutaxassislar yangi shtammlar haqida ortiqcha vahima qilishga hojat yo‘qligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hindistonda Covid-19 davridagi zo‘ravonlik uchun 9 nafar politsiyachi o‘limga hukm qilingani haqida yozgan edi.