Yangiliklar

Samarqandda yangi Ipak yo‘li muzeyi barpo etiladi

Muzey 9 gektar hududda quriladi
Samarqandda yangi Ipak yo‘li muzeyini barpo etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda barpo etiladigan yangi Ipak yo‘li muzeyi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muzey 9 gektar hududda quriladi. Unda 6 mingdan ortiq noyob eksponatlar jamlanadi. Ekspozitsiyalar arxeologiya, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Loyihaga ko‘ra, muzeyda doimiy va vaqtincha ko‘rgazma zallari tashkil etiladi. Shuningdek, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, tadqiqot va konservatsiya markazi ham bo‘ladi. Katta hajmli saqlov xonalari ham qurilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda madaniyat muassasalari faoliyatini zamon talablari asosida yangilash zarurligi ta’kidlandi. Aholining ushbu maskanlarga qiziqishini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shu doirada respublikadagi 839 ta madaniyat markazini bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilmoqda. Ularning binolari zamonaviylashtiriladi. Faoliyatiga xususiy sektor jalb qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2030-yilgacha madaniyat sohasiga 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. San’at sohasida iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlar uchun ta’lim va ijod bilan shug‘ullanishga qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Andijon yoshlar simfonik orkestri va «Tumor» raqs ansambli faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullandi. Shuningdek, nodavlat madaniyat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi. Ular uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Nodavlat teatr va studiyalarga grantlar berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent shahar iqtisodiyoti 12 foizga oshirilishi haqida yozgan edi.