
Telegram messenjeri 2026-yil 16-aprel kuni platforma siyosatini buzgan 104 437 ta kanal va guruhni blokladi. Bu haqda platforma rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon platformada jami 12 698 446 ta kanal va guruh bloklangan. So‘nggi bir hafta ichida esa qariyb 600 mingta kanal va guruh o‘chirilgani qayd etildi.
Qiyosiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil dekabr oyidan beri kuzatilgan eng yirik bloklash ishlari 2026-yil 1-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan. O‘sha kuni qariyb 543 mingta kanal va guruhning faoliyatiga nuqta qo‘yilgan.
2026-yil birinchi choragida Telegram ma’muriyati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 51 foiz ko‘proq kanal va guruhlarni bloklagan. 2025-yilda esa 2024-yilga qaraganda qariyb 2,7 baravar ko‘p — 44 mlndan ortiq kanal va guruh bilan «xayrlashilgan».
Telegram nega kanal va guruhlarni bloklaydi
Bloklash siyosati asosan platforma qoidalari va xavfsizlik siyosatiga rioya qilinmagani bilan bog‘liq. Bunga spam tarqatish, firibgarlik, noqonuniy kontent, ekstremistik yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallar joylashtirish holatlari sabab bo‘ladi.
Shuningdek, kanal va guruhlar tomonidan mualliflik huquqi buzilishi ham bloklanishga olib keladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilardan ko‘p shikoyat kelib tushgan yoki shubhali faoliyat aniqlangan kanal yoki guruhlar avtomatik yoki sinchkov tekshiruvdan so‘ng bloklanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda taqiqlangan internet manbalari va kontentlar ro‘yxati yangilangan edi. Ro‘yxatdan Telegram messenjerida faoliyat yuritayotgan 65 ta kanal va guruhlar ham o‘rin olgan.