
Livan va Isroil o‘rtasida 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgan bir paytda AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashayotganini bildirdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv hafta oxirida o‘tkazilishi mumkin, tomonlar kelishuvga juda yaqin turibdi. U Eron 20 yildan ortiq vaqt davomida yadro quroliga ega bo‘lmaslik bo‘yicha taklif bildirganini ham ma’lum qildi.
Bundan oldingi Pokiston poytaxti Islomobod shahrida AQSh va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan tinchlik muzokaralari kelishuvsiz yakunlangan edi. 21 soatlik muzokaralardan so‘ng ikki mamlakat delegatsiyalari o‘zaro murosa qila olmadi.
Ma’lumot uchun, Eron urushi 28-fevraldagi AQSh-Isroil hujumi bilan boshlangan bo‘lib, minglab qurbonlarga va neft narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘lgan. Bu holat AQSh uchun jiddiy siyosiy va iqtisodiy oqibatlar keltirib chiqargan.

Sulh kuchga kirganidan so‘ng Livan poytaxti Bayrutning ayrim hududlarida quvonchli o‘q ovozlari eshitilgan, biroq Livan armiyasi Isroil sulhni buzganini, jumladan janubiy hududlarda vaqti-vaqti bilan o‘q uzish holatlari kuzatilganini bildirgan. Isroil tomoni esa bu borada rasmiy izoh bermagan.
Tramp agar Eron bilan kelishuvga erishilsa, neft narxlari va inflyatsiya pasayishini, shuningdek, yadroviy xavf kamayishini ta’kidladi. U tomonlar o‘rtasida ayrim yadro masalalarida murosaga erishish ehtimoli borligini ham qayd etgan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda uranni boyitish, sanksiyalarni bekor qilish va Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi kabi masalalar muhokama qilinayotgani, ayrim pozitsiyalar bo‘yicha murosaga erishish ehtimoli borligi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Eron portlarini qamal qilishni boshlagan edi, Tehron esa javob zarbasi bilan tahdid qilgan.