
Hukumat qarori bilan xonadonlarni maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlash boʻyicha davlat xizmatining maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Yangi tartibga koʻra, xizmat Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali koʻrsatiladi. Arizalar vakolatli operator tomonidan qabul qilinadi va «E-gaz» tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Maishiy gaz ballonlari tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan hududlarda yashovchi fuqarolarga beriladi. Ariza kelib tushgan kuni maʼlumotlar tizimga kiritiladi va 1 ish kuni ichida tekshiriladi.
Shundan soʻng 3 ish kuni davomida murojaatchining holati joyiga chiqib oʻrganiladi. Natijalar boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Agar xulosa ijobiy boʻlsa, fuqaro bilan tegishli shartnomalar tuziladi. Shundan keyin Face ID orqali hisob ochiladi va suyultirilgan gaz yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi reglamentga muvofiq, ariza beruvchiga 12 ish kuni ichida bitta maishiy gaz balloni bepul yetkazib beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-avgustdan poytaxt va uning atrofidagi issiqxonalarga gaz yetkazib berish toʻxtatilishi haqida xabar bergan edi.