
Freedom Holding Corp. xalqaro investitsiya va texnologiya kompaniyasi shaxmat dasturlari, tahlili va maʼlumotlariga ixtisoslashgan dunyodagi eng qadimgi va yirik ChessBase platformasini sotib oldi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistanʼga maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, holding sunʼiy intellektni keng joriy etish va uni korporatsiya ekotizimiga integratsiya qilish orqali bozordagi mavqeyini mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Loyihani rivojlantirish uchun kutilayotgan investitsiyalar taxminan 5 million yevroni tashkil etadi.
Bizning hamkorligimiz nafaqat professional shaxmatchilar orasida platformaning mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi, balki 20 dan ortiq mamlakatda 11 milliondan ortiq mijozlarimizning toʻgʻridan toʻgʻri kirishi orqali yangi imkoniyatlarni ochadi”, — deya taʼkidladi Freedom Holding Corp bosh ijrochi direktori Timur Turlov.
Turlovning qoʻshimcha qilishicha, ChessBase bosh ofisi Gamburgda qoladi va jamoa qisqartirilmaydi. Aksincha, kompaniya rivojlanishga sarmoya kiritib, platforma kengayishi bilan yangi xodimlar yollanadi.
Maʼlumot uchun, Freedom Holding Corp. 21 ta davlatda moliyaviy xizmatlar koʻrsatadi. Kompaniyaning bosh ofisi Nyu-Yorkda joylashgan. Qozogʻistonda esa bank, brokerlik, sugʻurta va boshqa xizmatlarini oʻz ichiga olgan ekotizimni rivojlantirmoqda.
Holding aksiyalari NASDAQ, KASE va AIX birjalarida FRHC savdoga chiqqan. Kompaniyaning kapitallashuvi $8 mlrddan oshadi. Uning faoliyati AQShning Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom Holding va Timur Turlovga qarshi yetti yillik axborot hujumi $20 mlndan koʻproqqa tushgan boʻlishi mumkinlig haqida xabar bergan edi.