
Italiya A Seriyasining 33-tur doirasida «Inter» klubi o‘z maydonida «Kalyari»ni qabul qilib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija evaziga jamoa turnir jadvalidagi yetakchiligini yanada mustahkamladi.

Birinchi bo‘limda darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. O‘yinning 52-daqiqasida Federiko Dimarkoning uzatmasidan so‘ng Markus Tyuram uchrashuvdagi birinchi golni urdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, 56-daqiqada Nikolo Barella jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi.

Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Pyotr Zelensky mezbonlarining uchinchi golini kiritib, uchrashuv taqdirini hal qildi. «Kalyari» safida Sebastiano Espozito va Jennaro Borrelli birinchi bo‘limning o‘rtalarida sariq kartochka bilan jazolandi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng «Kalyari» 33 o‘yindan keyin 33 ochko bilan turnir jadvalining 16-pog‘onasida joylashgan.

G‘alabadan so‘ng «Inter»ning ochkolari soni 78 taga yetdi. Ikkinchi o‘rindagi «Napoli» hisobida 66 ochko, uchinchi o‘rindagi «Milan»da esa 63 ochko mavjud bo‘lib, bu ikki jamoada bittadan zaxira o‘yini bor. Hozirgi holatda «Inter» o‘z ta’qibchilaridan mos ravishda 12 va 15 ochkoga oldinda bormoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Komo» safarda «Sassuolo»ga mag‘lub bo‘lib, kuchli to‘rtlikka kirish imkoniyatini yo‘qotgani haqida xabar bergan edi.