Yangiliklar

Qozogʻistonning yana bir futbol klubi xususiy qoʻlga oʻtdi

Bungacha beshta klub xususiylashtirilgan edi
Foto:

Qozogʻistonning «Atirau» futbol klubi auksion orqali xususiy mulkka oʻtdi. Bu haqda Atirau viloyati hokimligi maʼlum qildi.

17-aprel kuni oʻtkazilgan savdolar yakuniga koʻra, klub yangi investor qoʻliga oʻtdi. Ochiq tanlov gʻolibi tadbirkor Bolat Konarbay boʻldi. Bitim doirasida klubni rivojlantirish uchun kamida 1 mlrd tenge (taxminan $2,1 mln) investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, jamoa davlat moliyalashtirishini ham saqlab qoladi. Yangi egasi infratuzilma va yoshlar futbolini rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqchi. Klubda akademiya qurish va bolalar futbolini kengaytirish rejalashtirilgan.

2025-yilda Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev futbol klublarini xususiylashtirishni tezlashtirish zarurligini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlariga koʻra, professional sportni biznes sifatida rivojlantirish kerak. Klublar faqat budjetga tayanmasdan, oʻz daromadini shakllantirishi lozim. Mamlakatda xususiylashtirish uchun tanlangan 461 ta subyekt orasida 7 ta futbol klubi ham bor.

Eslatib oʻtamiz, bungacha Qozogʻiston chempionatida oʻynayotgan 14 ta professional futbol klubining beshtasi — «Aqtoʻbe», «Qaysar», «Shaxtyor», «Qiziljar» va «Jenis» klublari rasman xususiylashtirilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan jahon brendlari Qozogʻistonda futbolni rivojlantirishga yordam berishi haqida xabar bergan edi.