Fan

Yangi tafsilotlar: Artemis II tarixdagi eng katta masofa rekordini ham qayd etdi

Kosmik parvoz Yerdan eng uzoq masofaga chiqish rekordini yangilagan edi
Artemis II parvozi insoniyat tarixidagi eng katta masofa rekordini ham qayd etdi / Foto: NASA

Yaqinda amalga oshirilgan NASAning Artemis II missiyasi nafaqat yangi kosmik rekordlarni o‘rnatdi, balki insoniyat tarixida ilgari kuzatilmagan masofa ko‘rsatkichini ham qayd etdi. Bu haqda Space nashri ma’lum qildi.

6-aprel kuni Orion kosmik kemasi bortidagi astronavtlar hamda Xitoyning Tiangong orbital stansiyasi ekipaji qisqa vaqt davomida bir-biridan rekord darajada uzoq masofada bo‘ldi. Ushbu hisob-kitoblar astrofizik Jonatan Makdauell tomonidan olib borilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Oy orti tomoni bo‘ylab parvoz vaqtida Artemis II kapsulasi Tiangong stansiyasidan 419 643 kilometrgacha uzoqlashgan. Taqqoslash uchun, Orion va Xalqaro kosmik stansiya o‘rtasidagi maksimal masofa 419 581 kilometrni tashkil etgan. Shu tariqa, aynan Tiangongdagi taykonavtlar o‘sha vaqtda Artemis II’dan eng uzoqda joylashgan insonlar bo‘lgan.

Oldinroq NASA Artemis II missiyasi 1970-yilda Apollo 13 tomonidan o‘rnatilgan — insoniyatning Yer sayyorasidan eng uzoq masofaga chiqish rekordini yangilaganini ma’lum qilgandi. Endilikda ushbu parvoz yana bir tarixiy jihatga ega ekani aniqlanib, insonlar Yer va Oy atrofidagi makonda eng katta masofaga tarqalgan holat sifatida qayd etildi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur rekord faqat statistik ko‘rsatkich emas, balki kelajakda insoniyatning Quyosh tizimi bo‘ylab kengayib borishi mumkinligining ramziy ifodasi sifatida ham ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA Mars sayyorasida rekord darajada nikel topgan edi.