Yangiliklar

Hormuz yana yopildi: AQSh va Eron o‘rtasidagi vaziyat keskinlashdi

AQSh blokadasiga javob chorasi sifatida
Hormuz yana yopildi: AQSh va Eron o‘rtasidagi vaziyat keskinlashdi / Foto: BBC

AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar va Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bir kun ichida keskin o‘zgarib, mintaqadagi noaniqlikni yanada kuchaytirdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Dastlab Eron tomoni Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq ochilgani va kemalar erkin o‘tishi mumkinligini bildirgan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp bu bayonotni ijobiy qabul qilib, muzokaralardagi ijobiy kayfiyatni qayd etgan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham bo‘g‘oz ochiq ekanini, biroq kemalar harakati muvofiqlashtirilishini ta’kidlagan. Ushbu bayonot neft narxining qisqa vaqt ichida 10 foizga tushishiga sabab bo‘ldi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, AQSh Eron portlariga qo‘yilgan blokada davom etishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Hormuz bo‘g‘ozini yana yopganini e’lon qilib, uni AQSh blokadasiga javob chorasi sifatida izohladi. Korpus bayonotida bo‘g‘ozga yaqinlashgan kemalar «dushmanga yordam beruvchi» sifatida ko‘rilishi va nishonga olinishi mumkinligi ogohlantirildi.

Shu bilan birga, Eron harbiylari tijoriy kemalar harakati AQSh blokadasi davom etar ekan keskin cheklanishini bildirdi. Hududda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat ham keskinlashib, Ummon yaqinida ikki kemaga hujum qilingani haqida xabar berildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlardan biri Eron harbiy katerlari tomonidan amalga oshirilgan.

Muzokaralar fonida tomonlar bir-biridan uzoq pozitsiyada qolmoqda. AQSh Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini kamaytirish va yadro dasturini to‘xtatishni talab qilmoqda. Eron esa bu masalalarda o‘z shartlarini ilgari surmoqda. Shu bilan birga, sulh muddati bo‘yicha aniq qarorlar hali e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalardan kriptovalyutada to‘lov talab qilmoqchi ekanligi haqida yozgan edik.