Yangiliklar

Qashqadaryoda yer bilan bog‘liq korrupsion holatlar fosh etildi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qashqadaryoda yer bilan bog‘liq korrupsion holatlar fosh etildi / Foto: DXX

Qashqadaryo viloyati Qarshi va Shahrisabz tumanlarida yer maydonlarining noqonuniy hujjatlashtirilishi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.

Unda Kadastr agentligining tuman bo‘limi yetakchi inspektori mansabdor tanishlari orqali fuqaro tomonidan noqonuniy egallangan 12 sotix yer maydoni uchun qo‘llangan 82 mln so‘mlik jarimani bekor qilib berish va yer uchastkasiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga $2 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Foto: DXX

Shuningdek, Shahrisabz tumanida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Xususan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan 59 yoshli shaxs hamda Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali xodimi o‘zaro til biriktirib, mahalliy dehqon xo‘jaligiga tegishli 9 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona rahbari nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Ular ushbu xizmat evaziga $7 ming talab qilgan va oldindan $4 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda FVB mansabdori pora bilan ushlangan edi.