
Xususiy bandlik agentligi United careers XBA o‘zbekistonlik tikuvchi ayollarni Bolgariyaga ishga taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ish Sofiya shahrida bo‘lib, nomzodlar bilan 3 yil muddatga rasmiy mehnat shartnomasi tuziladi.
Shuningdek, ish haftasiga 5 kun, kuniga 8 soatdan iborat. Boshlang‘ich oylik maosh 850 yevro (taxminan $999) miqdorida belgilangan. Qo‘shimcha ish soatlari uchun esa alohida 2,5 yevrodan haq to‘lanadi.
Ish beruvchi tomonidan turar joy, aviachipta va transfer xarajatlari qoplanishi, shuningdek barqaror va uzoq muddatli ish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingan.
Nomzodlardan kamida 5 yillik tikuvchilik tajribasi va rus tilini bilish talab etiladi. Yosh bo‘yicha cheklov mavjud emas, diplom yoki sertifikat esa ustunlik beradi.
Agentlik xizmatidan foydalanishda ayrim xarajatlar, jumladan, xizmat haqi, tayyorlov kursi va elchixona yig‘imlari nomzod zimmasiga tushadi. Mehnat shartnomasi bevosita ish beruvchi bilan tuziladi va ishga joylashish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Slovakiyadagi Volkswagen zavodida yangi ish o‘rinlari e’lon qilingani haqida yozgandi.