
Estoniya Slovakiya bosh vaziri Robert Fisoning 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan tadbirlarga borishi uchun o‘z havo hududidan foydalanishga taqiq qo‘ydi. Litva va Latviya ham xuddi shunday qaror qabul qilgan.
Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxknaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, mazkur qaror tajovuzkorni ulug‘lashga qaratilgan paraddan norozilik ramzi hisoblanadi.
«Fiso bu yil ham Moskvaga parvoz qilish uchun Estoniya havo hududidan foydalanishga ruxsat olmaydi. Biz buni o‘tgan yili taqiqlagan edik va hozir ham xuddi shu tamoyil amal qilmoqda», — dedi u.

Avvalroq Litva va Latviya ham o‘z havo hududini Slovakiya bosh vazirining samolyoti uchun yopishi haqida xabar bergan edi.
«Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar boshqa bir a’zo davlat bosh vaziriga o‘z hududi ustidan uchib o‘tishga ruxsat bermayapti. Men o‘tgan yildagidek, albatta boshqa yo‘nalish topaman», — deb ta’kidladi Robert Fiso.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yili Moskvada o‘tkazilgan 9-may tadbirlarida 27 davlat, jumladan, Xitoy, Belarus, Kuba, Venesuela, Slovakiya va Serbiya yetakchilari ishtirok etgan. O‘sha yili ham Latviya va Litva rasmiylari Robert Fiso hamda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning samolyotlarini o‘z havo hududlari orqali o‘tkazishni rad etgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Estoniya Ichki ishlar vazirligi davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarga O‘zbekistonga bildirishnomasiz borishni taqiqlagani haqida xabar bergan edi.