Banklar va moliya

Fond bozori: qaysi aksiyalar qimmatlashdi

10-apreldan 17-aprelgacha bo‘lgan davrda
Fond bozori: «O‘zbektelekom» aksiyalari 9 foizga o‘sdi
Foto: Adobe Stock

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 10-apreldan 17-aprelgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,94 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 25,58 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Garantbank» (+17,67%), «O‘zRTXB» (+11,98) va «Turonbank» (11,98) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari 9,19 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Trastbank» aksiyalari (-6,88%) va «SQB» (-5,51%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «O‘zbektelekom»ning ham oddiy, ham imtiyozli aksiyalari narxida, shuningdek, «Aloqabank»ning imtiyozli aksiyalarida o‘zgarish kuzatilmadi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbektelekom»ning ham oddiy, ham imtiyozli aksiyalari boʻyicha savdolar toʻxtatilgandi, 20-aprel kunidan savdolar qayta tiklandi. Shu kuni o‘tkazilgan savdolar bo‘yicha oddiy aksiyalar narxi (soat 10:10 holatiga) 5 760 so‘mga, imtiyozli aksiyalar narxi esa (soat 10:13 holatiga) 5 000 so‘mga tushdi.

13-apreldan 17-aprelgacha bitimlar soni bo‘yicha Chilonzor buyum savdo kompleksi (1 965 ta), «Kapital sug‘urta» (1 580 ta) va «Hamkorbank» (1 337 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (1,82 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zsanoatqurilishbank» (960,80 mln so‘m) va «O‘zRTXB» (738,45 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 9 tasi haftani ijobiy, uchtasi o‘zgarishsiz va 6 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 10,50 mlrd so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nima uchun «O‘zmetkombinat» aksiyalari yil boshidan beri ikki barobar qimmatlashgani haqida ma’lumot berilgandi. Qariyb bir oy ichida, 2026-yilning 16-martidan 14-apreligacha «O‘zmetkombinat» (UZMK) oddiy aksiyalari 36 foizga qimmatlashdi, yil boshidan buyon esa ularning qiymati ikki barobardan ziyodga oshdi.